Jamshid
Rasmda Jamshidning Zahhok oldida ikkiga boʻlinganligi tasvirlangan. | |
Boshqa tillardagi ism | ([dʒæmˈʃiːd]) (forscha: جمشید, Jamshēd; Oʻrta va Yangi forscha: جم, Jam) |
---|---|
Jins | erkak |
Bolalari | Faridun |
Jamshid ([dʒæmˈʃiːd]) (forscha: جمشید, Jamshēd; Oʻrta va Yangi forscha: جم, Jam) – qadimiy afsonalarga koʻra, Eronda eng avval hukmdorlik qilgan peshdodiylar sulolasining toʻrtinchi va eng buyuk hukmdori. Shoh Tahmurasdan soʻng 700 yil podshohlik qilgan Jamshid Istaxr shahrini bunyod etib, mamlakatda behad farovonlik vujudga keltirgan, sharobni ixtiro qilib, Navroʻzni yangi yil bayrami sifatida nishonlashni joriy etgan emish. U hatto Zardushtdan ilgari Eronda mavjud boʻlgan bir diniy mazhabga asos solgan, oyna (Oyini Jam) ixtiro qilgan hamda odamlarni hayvon terisiga oʻranish oʻrniga gazlamadan tikilgan kiyim kiyishga oʻrgatgan, davlat tuzumini tashkil etib, aholini tabaqalarga boʻlgan. Bu mazhab va oyna quyoshu tabiatga bogʻliq va ayshu ishrat bilan uygʻunlashgan bir suratda taʼriflanadi. Goʻyoki Jamshid oʻz shonu shavkati va saltanatidan magʻrurlanib ketib, xudolik daʼvosini qilgan emish. Oqibatda Arabiston yarim orolidan, ehtimol Yamandagi od qavmidan Zahhok ismli bir xukmdor bostirib kelib, Eronni Jamshiddan tortib olgan ekan. Soʻng, Zahhok ikki yelkasidagi ikki ilonga mahalliy aholining navqiron oʻgʻillari miyasini yedira boshlabdi. Shunda oʻgʻillaridan ajragan bir Kova ismli temirchi bosh koʻtarib, Zahhokni oʻldiribdida, taxtni Jamshid naslidan boʻlmish Faridunga olib beribdi. Faridun adolat bilan davlatni idora qilib, keksaygach uch oʻgʻliga mamlakatni boʻlib berish bilan Hazrat Nuhning maqomlariga erishibdi.
Jamshidni baʼzilar Hazrat Sulaymonning aynan oʻzlari, deb taʼkidlashadi. Jamshid, sharobni ixtiro etganligi boisidan, shoirlar oʻrtasida „Qadahiy“ (Jomi Jam) nomi bilan ham mashhurdir. Keyinchalik topilgan qad. hind braxmanlari afsonalariga koʻra, bu hikoyaning hind afsonalaridan naql etilgani maʼlum boʻladi. Haqiqatan, Zardusht brahmaniylar dinidan ajralib chiqib, alohida bir mazhab taʼsis etgani uchun vatanidan badargʻa qilinib, Eronga kelib qolgan. Shunga binoan eroniylar qad. hind afsonalarini oʻrganishgan. Qadimiy Eronning tarixi Zardushtning kitobi boʻlmish Zandovastodan olingandir. Qad. hind afsonalarida Jamshid yoki Jomo Shaydo quyoshni anglatuvchi bir maʼbud ismi boʻlib, bu ismni tashkil qiluvchi soʻzlarning birinchisi – „hukmdor“ va ikkinchisi – „quyosh“ maʼnosidadir, yaʼni „quyosh podshoh“ demakdir.
Jamshid haqida Navoiy, Firdavsiy, Tabariy, Beruniy asarlarida ham eslatib oʻtilgan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |