Kontent qismiga oʻtish

Kanalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kanalar (Acarina) — oʻrgimchaksimonlar sinfiga mansub mayda boʻgʻimoyoqlilar. 3 turkumga boʻlinadi: akariformli K. (Acariformes), parazitformli K. (Parasitiformes) va pichanoʻrar K. (Opiliocarina). Tanasi tuxumsimon yoki choʻziq (uz. 0,1—0,30 mm), aksariyati boʻgʻimlarga boʻlinmagan. Tanasi, odatda, 2 kiyem: ogʻiz apparati joylashgan oldingi — giatosoma va oyoqlari joylashgan orqa qism — idiosomadan iborat. K. hasharotlardan 4, baʼzilari esa 2 juft oyoqlari boʻlishi, tanasining bosh, koʻkrak va qorin qismga boʻlinmasligi, moʻylovlari boʻlmasligi bilan farqlanadi. Tanasi yashash sharoitiga koʻra, tiniq yoki juda zichlashgan muskulli qoplamga ega. Barcha K. ayrim jinsli boʻlib, koʻpchiligi tuxum qoʻyib koʻpayadi. Oziqlanish tipiga qarab 3 guruhga boʻlinadi: oʻsimlikxoʻrlar, yirtqich K. va parazit K. Baʼzi K. oʻsimlik qoldiqlari bilan (saprofaglar) oziqlanib, tuproq hosil boʻlish jarayonida muhim rol oʻynaydi (mas., Oribalidae oilasiga mansub qalqonli K. va AcaroideaHHHr vakillari); boshqalari oʻsimlik shirasi bilan (fitofaglar) oziqlanib, qishloq xoʻjaligi ekinlariga katta zarar keltiradi (maye., Tetranychidae oilasining turlari); ayrimlari sodda zamburugʻlar bilan oziqlanadi (mikofaglar) hamda parazit K. qishloq xoʻjaligi hayvonlari va odamga zarar yetkazadi (Ixodidae, Argasidae, Dermanyssidae va b. oiladagi K.). Tabiatda zararli K. bilan bir katorda foydalilari ham (entomofag K.) boʻlib, qishloq xoʻjaligi zararkunandalarining koʻpayishiga toʻsqinlik qiladi.

Oʻsimlikxoʻr K. ikki: sarkoptiformli K. (Sarcoptifomes) hamda trombidiformli K. (Trombidiformes) kenja turkumga boʻlinadi. Sarkoptiformli K.dan ombor K.ning 2 oilasi: un K. va tukli K.ning vakillari katta zarar keltiradi (qarang Ombor zararkunandalari). Trombidiformli K. kenja turkumiga oʻsimlikning oʻsish va rivojlanish davrida shirasini soʻrib zarar keltiradigan K. kiradi. Q.x. ekinlariga, ayniqsa, oʻrgimchakkanalar oilasining turlari, jumladan, oʻrgimchakkana juda koʻp zarar yetkazadi. Briobindlar oilasiga mansub eng yirik (2 mm gacha) va serharakat K. faqatgina oʻsimliklarga zarar keltirib qolmay, balki odamlar yashaydigan joylarga kirib, zahira oziqovqatlarni ham ifloslantiradi. Qoʻngʻir meva kanasi — ashaddiy zararkunandadir. Oʻrta Osiyo jan.da yassi tanali K. (Tenuipalpidae) oilasining vakillaridan meva yassi tanali kanasi zararlidir. Har xil tirnoqli K. oilasi (Tarsonemidae)HHHr koʻpgina turlari oʻsimliklar bilan oziqlanadi, ammo yirtqich hamda saprofaglari ham mavjud. Eng zararkunandasi — yertut kanasidir. Qorindor K. oilasiga (Pycmotidae) tirik tugʻish harakterli. Ularning barcha rivojlanish fazalari ona qornida oʻtadi; qorni sharsimon shishib, 100—500 martagacha kattalashish xususiyatiga ega. Bu oilaga mansub don K. bugʻdoy, suli, javdar, arpa va boshoqli oʻtlarga vegetatsiya davrida zarar yetkazadi. Qorindor K. zahiralarga zarar keltiruvchi hasharotlar qurtida parazitlik qiladi; ular odam tanasiga tushsa, teri kasalligi — pichan qichimasini vujudga keltiradi. Toʻrt oyoqli K. yoki shish paydo qiluvchi K. (Eriophyidae) oilasining vakillari oʻsimlik bilan oziqlanib, uning shakli, barg hamda mevalari rangini oʻzgartiradi, kurtaklarni nobud qiladi. Baʼzi turlari oʻsimliklar ustida erkin yashaydi, boshqalari esa shish paydo qiladi.

Yirtqich K. — parazitformli va akariformli K. turkumlarining vakillaridir. Mevali daraxtlar bargida, tut, tok, gʻoʻza, beda va sabzavot ekinlarida, begona oʻtlar hamda oʻsimlik qoldiqlarida yashaydi. Serharakat. Oʻrgimchakkana tuxumi, lichinkalari, nimfasi va voyaga yetgan individlari, yassi tanali K. va b. mayda boʻgʻimoyoqlilar bilan oziqlanadi. Oʻrta Osiyoda keng tarqalgan boʻlib, 11 oilaga mansub 50 ga yaqin turi maʼlum. Koʻpincha, ekinzor dalalarida va unga yondosh yerlardagi begona oʻtlarda uchraydi. Oʻsimlikxoʻr K. kabi ular ham toʻkilgan barglarda, daraxt poʻstloqlari yoriqlarida, toʻshamalarda va b. oʻsimlik qoldiqlarida qishlaydi. Sutkalik oʻrtacha harorat 10° dan yuqori boʻlganda qishlov joylaridan chiqadi. Sugʻorma dehqonchilik agrobiotsenozida, asosan, begona oʻtlar hamda tut daraxtlarida toʻplanadi. Gʻoʻzaga may oxiri — iyun boshlarida oʻrgimchakkanadan soʻng oʻtadi. Ularning mavsumiy rivojlanish davri bir xilda boʻlib, bu yirtqich K.ning oziqlanishi uchun yaxshi sharoit yaratadi. Oʻsimlikxoʻr zararkunanda K.ga qarshi biologik himoya usulida yirtqich K.dan foydalanish mumkin. Eng faol yirtqich K. fitoseid va b. oilaga mansub turlardir. Ular issiqxonalarda yetishtiriladigan bodringlardagi hamda bogʻ va tokzorlardagi oʻrgimchakkanalarga qarshi qoʻllanadi.

Parazit K. ikki kenja turkum — Mesostigmata va IxodidesHH oʻz ichiga olgan parazitformli K. turkumining vakillaridir. Bular qishloq xoʻjaligi hayvonlari (qoramol, choʻchqa, parrandalar) hamda odamdagi yuqumli kasalliklar qoʻzgʻatuvchilarining manbai va tarqatuvchilari. Ixodidae, Argasidae, Dermanyssidae oilalarining vakillari eng zararli K.dir. Koʻp turlari nobud boʻlgan oʻsimlik qoldiklaridan iborat toʻshamalarda yoki yaylovlardagi oʻtlarning ildiz-boʻgʻzi qismida yashirin hayot kechiradi. Kamharakat boʻlib, katta maydonlarga faol tarqala olmaydi. K.ga qarshi akaritsidlar va biologik himoya usulidan foydalaniladi.

  • Al i muhamedov S. N. i dr. Vrednie i poleznie kleshi Sredney Azii, T., 1982. Sulton Alimuhamedov.[1]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil